Главная » 2017 » Май » 25 » Bollivud yulduzlarining sarviqomatlik sirlari
13:30

Bollivud yulduzlarining sarviqomatlik sirlari


Bollivud go`zallari qanday ovqatlanishni, sarvqomatlilikni saqlashni juda yaxshi bilishadi. Ular orasida Hollivud go`zallaridek ozishga kirishib ketib, kasallikka uchraydiganlari deyarli topilmaydi. Har ikki hind go`zalidan birining tushunchasi bo`yicha go`zallik avvalo sog`lomlik va ko`zga ko`rimlilikda ekan. Ko`zga ko`rimlilik darajasi oshib ketmasligi uchun esa ular doimo harakatda!

Ravina TANDON: «O`zimga bir o`lcham kichik kiyim xarid qilaman»

Ravina Tandon ikkinchi bor ona bo`lganidan so`ng asta-sekinlik bilan o`zini tiklab oldi. Bunga o`z hayotiy qarashlari va ona sifatida farzandining salomatligini birinchi o`ringa qo`yishi sabab edi. Ravina to`lishib qolgani bilan bog`liq savollarga shunday javob bergan edi: «...Hozircha menga Jennifer Lopes kabi tonggi soat 4 da uyg`onib, ko`chada yugurishdan naf yo`q. Go`dak hayotining hech bo`lmasa dastlabki 4 oyida uning qoshidan ketmasligim shart! Ona-bola miriqib dam olishimiz kerak. Agar hozirdanoq parhez tutsam, qomatimni rostlashga kirishsam, bolamni qiynab qo`yaman, sutdan qolaman!»

Haqiqatan ham tug`ruqdan so`ng 4 oy o`tgach, Ravina o`z qomati ustida ishlashga astoydil kirishdi. Aktrisa «iligi baquvvat» panjoblik qizlardan bo`lgani uchun ham undan o`ta xipchabellikni kutish qiyin edi. Shunday bo`lsa-da, Ravina katta yoshdagi homiladorlikdan ortiqcha kilogrammlar asorat bo`lib qolmasligi uchun kurashishga ahd qildi va buni uddaladi.

Umuman olganda, avvalgi homiladorlikdan orttirgan tajribasiga ko`ra, Ravina 9 oy mobaynida o`ta semirib ketmaslikni, faol turmush tarzi kechirishni maqsad qilib qo`ygandi. Og`iroyoq paytida to`yimli ovqatlardan tez-tez, ammo kam-kamdan eb, ko`proq piyoda yurishga odatlandi. Tug`ruqdan so`ng 4 oy o`tgach, har kuni ertalab toza havoda 20-40 daqiqagacha avval sekin, so`ng o`rtacha tezlikda va eng oxirida yugurib mashq qila boshladi. Bir kunda 6 martagacha oz-ozdan tanovvul qilishga odatlandi. Taomnomasidagi quyuq ovqatlar zaytun moyida pishiriladi, baliq va jo`ja go`shti iste`moli cheklanmaydi, javdar non eyish mumkin, shakar ishlatilmaydi.

Ravina Tandon sut va banan aralashmali tozalovchi parhezni juda yaxshi ko`radi. U «Parhez bilan birgalikda raqs, suv vannalari, yoga va aerobika mashqlari ham katta samara beradi», deb hisoblaydi. O`z-o`zini ilhomlantirib, bir o`lcham kichik ko`ylak sotib oladi.

Karina KAPURni 60 dan 48 kilogacha ozdirgan omillar

1. Ertalab issiq choy yoki qahva ichaman.

2. Nonushta o`rniga bir kosa yong`oqli myusli (vitaminlar, yog`lar, aminokislotalar bilan boyitilgan suli yoki bug`doy yormasi) yoki ikkita paratxa (hindcha qatlama non) va yogurt iste`mol qilaman.

3. Tushlikka ko`katli chapati (non) va yasmiq (chechevisa) sho`rvasi jonu dilim!

4. Har uch soatda iliq sut ichib, yong`oq eb turaman. Bu suratga tushish maydonchasida menga quvvat berib turadi.

5. Kuniga ikki litr suv ichaman.

6. Har bir tamaddi oxirida yupqagina kesilgan pishloq eyman. Pishloqni judayam yaxshi ko`raman. Undagi oqsil va yog` kislotalari murakkab aktrisalik faoliyatimda tushkunlikka tushishimga yo`l qo`ymaydi.

7. Kechki taomga yasmiq va ko`katli salat iste`mol qilaman.

8. Yoga mashqlari bilan shug`ullanaman. Bunda 1.000 marta Kapalbxarti va 50 marta Namaskar yoga holatida bo`laman.

9. Eng asosiysi, go`zal va latofatli ekanligingizga ishonchim 100 foiz bo`lishi kerak!

Shilpa ShETTI. Bir kunlik taomnoma

«Nimani istasam, o`shani eyman, bir kunda taxminan 2.000 kilokaloriyani paqqos tushiraman. Payshanba kunlari vegeterianlar kabi ovqatlanaman, o`sha kuni go`sht haqida unutaman. Mening kunlik nonushtam oddiygina: suli yormasi va qora choy. Haftada 3-4 marta sportzalda shug`ullanaman. Mashqlardan so`ng ikkita hind yong`og`i, 8 dona mayiz va kokteyl bilan o`zimni siylayman. Soat 14:30 da tushlik qilaman. Tushlik dasturxonimda bitta roti noni, o`simlik moyida qovurilgan sabzavotlar, pomidorli qaylada tayyorlangan yasmiq va tovuq go`shti bo`ladi. Agar biror shirinlik istab qolsam, o`zim shokolad yoki kulfi (kuchli kaloriyali hindcha muzqaymoq) eyman. Soat 17:00 da ko`k choy ichaman, kun davomida issiq qaynagan suv ko`p ichaman. 21:30 da kechki taom sifatida anor, olma va salat-latuk iste`mol qilaman. Uyquga juda kech yotaman.

Selina JEYTLI: «Qancha ko`p esam, shuncha ko`p ishlayman!»

Selina Jeytli (2001 yilda «Hindiston go`zali» maqomini olgan): — Men boshqalar qilgan ishning teskarisini bajaraman. Boshqalar qancha ko`p ishlasa, shuncha ko`p eydi, men esa aksincha. Bir kunda 7 marta kam-kamdan nimalardir eb turaman. Kuniga 7-8 piyola ko`k choy ichaman. Nonushta qilmagan kunim yo`q. Yong`oq va mevalardan ko`p iste`mol qilaman. Egan-ichganimning kaloriyasini esa hecham hisoblab ko`rmaganman.

Ozish orzusidagilarga Bollivud yulduzlari tajribasidan kelib chiqib, yana o`sha o`zgarmas haqiqatni aytamiz: qomatingiz qanday bo`lsa, shundayligicha turishini istasangiz, kam eng, kam deng, o`zingizga mos parhezni toping va ko`proq harakatda bo`ling!

AZIZA tayyorladi


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Jahon yulduz | | Теги: Bollivud, yulduzlar, sarviqomatlik sirlari | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя