Главная » 2016 » Декабрь » 12 » To‘ydan oldin qizlar eshitishi mumkin bo‘lmagan 5 gap
14:59

To‘ydan oldin qizlar eshitishi mumkin bo‘lmagan 5 gap


«Qiz bola eshitmasin, uyat bo‘ladi!» Ba’zan kattalar shunday deyishsa, noqulay ahvolga tushasiz, uyalasiz, hatto xafa ham bo‘lasiz: «Nega erga tegdim deb o‘zlarini olishadi?» deysiz. Xafa bo‘lmang, qizlarjon. Darhaqiqat, ayrim gaplarga quloqlaringizni berkitganingiz ma’qul, chunki ular sizga, bo‘lajak hayotingizga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Mutaxassisimiz — «SUG‘DIYONA»  ayollar klubi mutaxassisi, ruhshunos Go‘zal RO‘ZMATOVA.

1. Birinchi nikoh kechasi tafsilotlari. Albatta, qizlarni oilaviy hayotga tayyorlashda jinsiy tarbiyaning ahamiyati beqiyos. Shu ma’noda ilk nikoh oqshomi haqida qizlar ma’lumotga ega bo‘lishlari kerak. Lekin bu o‘rinda foydali ma’lumotni zararlisidan farqlash lozim. Qiz bolani cho‘chitmaydigan, nozik munosabatlardan bezdirmaydigan ma’lumotlar nikoh oqshomi yaqinlashganda yangalar tomonidan kelinning qulog‘iga shipshitiladi, ya’ni turli qo‘rqinchli tafsilotlardan xoli, ko‘proq kelin uchun kerakli bo‘ladigan gaplar aytiladi. Ammo ayrimlar, xususan, yangi turmushga chiqqan qizlar o‘zlarining ilk visol oqshomlari haqida rang-bo‘yoqlarga to‘la (ko‘pincha qo‘rqinchli) tafsilotlarni hikoya qilib, qiz bolaning ongini zaharlashlari mumkin. Shuning uchun ma’lumotni yangalardan oling-u, tafsilotlarga qiziqmang. Zero, har kimning birinchi nikoh kechasi faqat o‘ziniki, u boshqa birovnikiga o‘xshamaydi.

2. Kelinlarning qaynonasi haqidagi yomon gaplari. Men kimdir qaynonasini yomonlashni boshlasa, qizlarning quloqlarini berkitish tarafdoriman. Bu yuqumli dardga o‘xshaydi. Qiz bola hadeb qaynona yomon degan gapni eshitaverib, bunga butkul ishonib qoladi. Yangi oilaga shu noto‘g‘ri, buzg‘unchi ishonch bilan qadam bosadi, hammaning qaynonasi yomon bo‘lganda bir uniki yaxshi bo‘lib chiqishiga ishonmaydi. Demak, avval boshdanoq munosabatlarning poydevoriga putur yetgan bo‘ladi. Onalar, yangalar, qizlarimizga o‘zimizning dardimizni yuqtirmaylik, toki ular bo‘lajak qaynonalarini sizning qaynonangiz emas, o‘zlarining buvilari kabi inson deb ishonsinlar.

3. Kelinlik mashaqqati haddan ortiq bo‘rttirilgan hikoyalar. «Kelin bo‘ldingmi, tamom, odam emassan», «Erta tongdan yarim tungacha tinim bilmaysan, quldan farqing qolmaydi» kabi gaplarga umuman quloq solmang. O‘sha kelinlar o‘z baxtini anglamagan yo uning qadriga yetmagan insonlardir. To‘g‘ri, birovning uyi, yangi oila, yangi munosabatlar... Albatta, ota-onangizning bag‘rida yurgandek erka bo‘lolmaysiz. Lekin siz mehnatdan qo‘rqmang, aksincha, qancha inson sizga havas qilib turganini o‘ylang. Axir, yangi hayot boshlaysiz, hamma sizdan yaxshilik kutadi, turmush o‘rtog‘ingiz sizni sevib-ardoqlaydi, qaynonangiz boshqalarga ko‘z-ko‘z qilgisi keladi. Ostonasi tillodan bo‘lgan uyda baxtli hayot boshlayotgan insonsiz. Bu holat bir umrga davom etishi mumkin, hammasi o‘z qo‘lingizda.

4. «Erkaklarning hammasi bir go‘r» mazmunidagi hasratlar. Bo‘lmagan gap. Kimdir eridan kuygan bo‘lsa, bu – uning taqdiri. O‘ziyam osmondagi farishta emasdir. Erkaklarning yaxshisi ham bor, yomoni ham, to‘g‘rirog‘i, har birining o‘z salbiy va ijobiy jihatlari yetarli. Yaxshisini oshirib, yomonini yashirsangiz (axir, kimning yaxshi odam bo‘lgisi kelmaydi), u ham o‘zgaradi. Ba’zan ota-ona qilolmagan ishni sevimli yor tadbiru shirin so‘z bilan amalga oshirishi, ya’ni erni to‘g‘ri yo‘lga solishi mumkin. Bekorga aytishmagan-ku: «Erni er qiladigan...» deb. Xullas, oldingizda birov erini yomonlay boshladimi, quloqlaringizni berkiting.

5. Bola tug‘ish va katta qilishning naqadar azobligi haqidagi afsonalar. “Qo‘rquvning ko‘zlari katta”, “Qo‘rqqanga qo‘sh ko‘rinadi” degan gaplarni eshitgansiz. To‘g‘ri, odamdan odam tug‘ilishi oson emas, ammo dunyoda bu og‘riqqa chiday olmagan ayol yo‘q. Negaki, tug‘ruq azobidan keyin dunyodagi eng baxtli inson – onaga aylanansiz. Bolangizning bag‘ringizga bosgan daqiqangizdan boshlab barcha tortgan uqubatlaringizni unutasiz, hech qancha vaqt o‘tmay kichkintoyingizga ukacha yoki singilcha olib kelish haqida rejalar tuza boshlaysiz.  Katta qilish, tarbiyalashda esa siz yolg‘iz bo‘lmaysiz: farzandingizning otasi, buvilari, bobolari bor. Xullas, baxtingizga soya tashlaydigan bunday gaplarga ham ishonmang.

KELINOYINGIZ


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Maslaxatlar | | Теги: Qizlar, to'ydan oldin, mumkin bo'lmagan, to'y | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя