Главная » 2018 » Май » 23 » Yangi o‘quv yilidan boshlab talabalar onlayn tarzda o‘qitiladi
18:01

Yangi o‘quv yilidan boshlab talabalar onlayn tarzda o‘qitiladi


2018/19 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim tizimida maxsus sirtqi bo‘lim talabalari uchun darslar masofadan turib onlayn tarzda o‘qitiladi. Bu haqda Ta’lim muassasalarida elektron ta’limni joriy etish markazi axborot xizmati Kun.uz'ga ma’lum qildi.

Endilikda joriy etilgan onlayn o‘qitish platformasi yordamida sirtqi ta’lim talabalari, masofadan turib, o‘z ish joyidan ajralmagan holda ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

«​O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 21 noyabrdagi «Oliy ta’lim muassasasida sirtqi (maxsus sirtqi) va kechki (smenali) ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida»gi 930-son qarorida sirtqi va kechki ta’lim talabalari uchun masofadan turib ta’lim berish belgilangan. Joriy etilgan onlayn o‘qitish kurs platformasi mazkur qarorni amaliyotga tatbiq qilishda katta ahamiyatga ega»​, deydi markaz vakili.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda maxsus sirtqi ta’limning 144 ta darsligi tayanch oliy ta’lim muassasasi bilan birgalikda masofaviy o‘qitish formati asosida ishlab chiqish yo‘lga qo‘yildi. Masofaviy ta’limni amalga oshirishning navbatdagi bosqichida oliy ta’limning sirtqi va kechki ta’lim uchun masofaviy o‘qitishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Sirtqi va kechki ta’lim darsliklari ham bosqichma-bosqich onlayn o‘qitish tizimiga o‘tkazilib boriladi.

Markaz vakilining ta’kidlashicha, onlayn o‘qitish kursini tashkil qilish uchun mo‘ljallangan platformada barcha zaruriy elementlar yaratilgan. Xususan, ma’ruza, videodars, test, topshiriq, chat, forum, so‘rovnoma, glossariy, teskari aloqa va vebinar shular jumlasidandir. Shuningdek, foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida platformani ijtimoiy tarmoqlar bilan integratsiyasi amalga oshirildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 avgustda «​Oliy ta’lim muassasalarida pedagogika yo‘nalishida maxsus sirtqi bo‘limlarni tashkil etish to‘g‘risida»​gi PQ-3183 sonli Qarori asosida 15 ta oliy o‘quv yurtida 8 ta yo‘nalish bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limlar tashkil etilgandi.


Manba: "kun.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: online, o'qitiladi, yangi o'quv yili, talabalar | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя