Главная » 2016 » Декабрь » 21 » Eringizni bir qarashda tushunishga harakat qiling!
15:17

Eringizni bir qarashda tushunishga harakat qiling!


Biz — ayollarning izquvarligimizga Sherlok Xolms ham havas qilsa arziydi. Rost-da, axir eshikdan kirib kelgan juftimizning xatti-harakatiga qarab, uning qanday kayfiyatda ekanligiyu maosh oldimi-yo‘qmi, to‘g‘ri uyga kelayaptimi yoki onajonisining eshigiga ham mo‘ralab qo‘ydimi, xullas, hamma-hammasini bilib olamiz. Biroq qanchalik ziyrak bo‘lmaylik, o‘tayotgan hayotimiz kutilmagan «sovg‘a»larga boy bo‘lib, ba’zan nazoratni qo‘ldan chiqaramiz. Xo‘sh, shunday vaziyatga tushib qolmaslikning ilojisi bormi? Keling, shu haqda suhbatlashamiz.

 

SEVADI-SEVMAYDI....

«Erkaklar ko‘zi bilan sevadi» degan gapni eshitgansiz. Buni qarangki, muhabbat borasida erkaklar ikki guruhga ajratilar ekan. Biri eshitish sezigisi bilan, ikkinchisi ko‘rish hissi bilan sevadiganlar.

Ko‘rish hissiyoti ustunlik qilgan erkaklar chiroyli manzaralar, xushbichimim liboslar va albatta, go‘zal ayollarga shaydo bo‘lishadi. «Ko‘ramiz...», «Ko‘rsat-chi...», «Ko‘zimga issiq ko‘rindi...», «Qaraganda yoqimli», «Menga qarab gapir...» kabi jumlalar bu toifa erkaklarning tez-tez qo‘llaydigan so‘zlari. Bunday go‘zallik shaydosini faqat ziyraklik bilan nazorat qilish mumkin.

Eshitish sezgisiga bo‘ysunadigan erkak bilan yashash bir qarashda oson tuyulsa-da, aslida ularning bir qator kamchiliklari ham yo‘q emas. U xuddi magnitofonga o‘xshaydi. Qachon, qaysi vaziyatda nima deganingizni yaxshi eslab qoladi. Va nuqta-verguligacha aytib beradi. «Sen qanday fikrdasan?» «Gaplaring ishonchsiz chiqayapti...» «Kel, gaplashib o‘tiramiz» kabilar ular tez-tez qo‘llaydigan jumlalar. Ushbu toifa erkaklar yaxshi umr yo‘ldosh va maroqli suhbatdosh bo‘lishadi. Yagona e’tiroz: har bir gapni o‘ylab so‘zlamasangiz, bir kun kelib, qarshi «qurol» sifatida foydalanishi mumkin.

 

HIS-TUYG‘ULAR ASIRI...

Yana bir toifa erkaklar ham bor. Ularda juftini his etish tuyg‘usi yetakchilik qilib, ko‘proq ruhiy holatga buysunishadi. Biror qaror qabul qilishlari uchun ham ancha vaqt talab etiladi. Siz uni «...deb o‘ylayman» «...menga shunday tuyuldi» «shunday bo‘lishini ko‘nglim sezgandi» kabi so‘zlaridan tanib olasiz. Agar juftingiz tuyg‘ular asiri bo‘lsa, undan dadillikni kutmang. Yaxshisi, mustaqil bo‘lishi uchun ko‘maklashing.

 

E’TIBOR TALAB QILSA....

Turmush o‘rtog‘ingizning dasturxon atrofida o‘tirib, piyolani taqillatish yoki sochiqni buklash odati bo‘lsa, u shu yo‘l bilan e’tibor talab qilayotganini bildiradi. «Menga qarashing uchun atay shunday qilayapman» degan ichki nidoni shu tarzda nomoyon etadi. Odatda bunday erkaklar biroz jahldor, qaysar va meniki to‘g‘ri, deydishsa-da, rafiqasining diqqat-e’tibori bilan muloyim mushukka aylanishadi.

 

«MENING YoRIM ALDOQChI...»

Biror aybi yoki kamchiligini yashirmoqchi bo‘lgan erkak, avvalo, ko‘z nigohini olib qochadi. So‘zlayotganda ko‘zini ishqalashi, burnining ustiga tez-tez qo‘l tegizishi mumkin. «Rosa charchadim..» «Ertaga gaplashaylik...» va so‘ramasangiz ham «Aldayotganim yo‘q» degan jumlalar biror nimani yashirayotganini anglatishi shubhasiz. Siquvga olganingizning foydasi yo‘q. Bir tarafdan ba’zilar kabi «Borim shu, istamasang, katta ko‘cha» demayotganiga ham shukr. Biroq yolg‘onchilik odatiga barham berish uchun uning ishonchini qozonishingiz kerak. Har zamon «Men sizga ishonaman» kabi so‘zlar bilan o‘rtadagi masofani qisqartiring.

 

QO‘LI ChO‘NTAGIDA...

Ilk uchrashuvga chiqqaningizdayoq kuyovto‘ra qo‘llarini shimining cho‘ntagiga suqqani e’tiboringizni tortdi shundaymi? «Namuncha o‘zini osmon bilmasa» degansiz-a ichingizda? Xo‘sh, endi nima deysiz?! Chindan «osmon»mikan yoki bu odati xarakteridanmi? Aslida, bu xarakter. Jiddiy, har narsada aniqlik va rejali ish ko‘rishni afzal bilgan erkaklarga xos odat. Ha-ya, bunday erkaklar ayolini qadrlaydigan va oilasi oldida ma’suliyatni his etadigan bo‘lishadi.

 

«KO‘ZLARI NIMA DEYDI?..»

Bu eng sinalgan va ishonchli usullardan biri. Ammo «tergov» qilayotganingizni bildirib qo‘ymang. Ya’ni ko‘zlariga tik qaramang. Bo‘lmasa, sirlarimizni bilib olashida-ya...

Eringiz siz bilan suhbatlashayotib, ko‘zlarini tez-tez pirpirayotgan bo‘lsa, yo yolg‘on gapirayati, yoki biror voqeadan qattiq ta’sirlangan. Balki gaplaringizdan to‘lqinlanib ketgandir? Masalan, «Maoshingizni bering, yangi ko‘ylak olaman», degan bo‘lsangiz...

Ko‘zlari katta ochilgan bo‘lsa, suhbat unga zavq bag‘ishlayapti. Shu bilan birga, erkakning ushbu holati u bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishingiz kerakligiga ham ishoradir.

Bir nuqtada «qotib qolgan» nigoh ojizlik belgisi. Bunday insonlar muammolarga tez taslim bo‘lib, chora topishga qiynalishadi.

Chaqnab turgan ko‘zlar bir xil hayot tarzidan tez zerikadigan erkaklarga hos. Juftingiz ana shunday inson bo‘lsa, munosabatlaringizga yangilik kiritishdan erinmang.

Olma terayotgan ko‘zlar. Erkak biror aybini yashirayapti, og‘iz juftlab, nimadir demoqchi-yu, jur’ati yetishmayapti yoki hadik, xavotir, qo‘rquvni ifodalashi mumkin.

 

QO‘LLAR HARAKATIGA KO‘RA...

Qo‘llar nafaqat ayollarning tashrif qog‘ozi, qarshi jins vakillarining fe’l-atvorini ayon qilguvchi vositadir ham. Demak, diqqatni qo‘llariga qaratamiz.

Suhbat chog‘i eringiz qo‘l kaftini tashqariga qaratib harakatlantiradi yoki shu yo‘l bilan biror nimani tushuntiradi. Baxtingizni qo‘ldan chiqarmang! Bunday erkaklar qo‘li ochiq, sahiy va mehribon bo‘lishadi.

Gaplashayotganda biror narsa-buyumga tegsa, noaniq harakatlarni ifodalasa, bilingki, u juda ziyrak va har bir ishni o‘ylab amalga oshiradigan puxta inson.

Savol berganingizda peshanasi, sochi, qulog‘ini ushlayversa, erkakning qat’iyyatsizligini namoyish etadi.

Qo‘lini musht qilib tukkan erkak ko‘pincha uradigan erlar toifasiga kiritishadi. Aslida, esa bu harakat ichki holat ifodasi bo‘lib, agressiya yoki biror voqeadan jahllanishni bildiradi. Qo‘rqmang, ularni shirin so‘z bilan mumday eritib olasiz.

Kechagina yuvib-dazmollab bergan ust-boshini besabab qoqaversa, sizdan yoki biror ishingizdan norozi. Uning yo‘q joydan muammo axtaradigan odati bor. Tinch yashayman desangiz, «Sizniki ma’qul» deya, maqbul ish tuting.

Bu holat sizga yaxshi tanish: so‘zlayotgan erkak soqol-mo‘ylovini qashib, qo‘llari bilan taraydi. Zaruriyat yuzasidan-da, deb o‘ylamang. Bu muhim qaror qabul qilinishidan oldingi holat.

Muxtasar aytganda, erkaklarni fosh qilish uchun alohida tayyorgarlik shart emas. Hatto imo-ishoralar tilini o‘rganish uchun soatlab kitob varaqlashning ham hojati yo‘q. Muhimi, ayollik zakovatingizni ishga solsangiz, har qanday holatni ham to‘g‘ri tahlil qilolasiz.

 MARJONA tayyorladi


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Maslaxatlar | | Теги: Er-xotin, bir qarashda, tushunishga harakat qiling, Eringiz | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя