Главная » 2020 » Ноябрь » 19 » Kashandalik har yili qancha insonning "yostig‘ini quritishi" aytildi
12:57

Kashandalik har yili qancha insonning "yostig‘ini quritishi" aytildi


Xalqaro chekishdan voz kechish kuni har yili noyabr oyining uchinchi payshanbasida nishonlanadi. Bu yil ushbu sana bugun – 19 noyabrga to‘g‘ri keldi.

1977 yilda Amerika saraton kasalligi jamiyati (American Cancer Society) saraton kasalligiga chalinganlarning qayg‘uli statistikasini o‘rganib chiqib, birinchi marta Chekishdan voz kechish kunini joriy etdi. Ko‘p o‘tmay, butun dunyo ushbu foydali tashabbusga qo‘shila boshladi.

Xalqaro chekishdan voz kechish kunida ushbu zararli odatning barcha xavf-xatarlarini esga olish maqsadga muvofiq.

Nikotin tanadagi metabolik jarayonga xalaqit beruvchi, miyaning faoliyati va fiziologik funksiyalariga ta’sir qiluvchi alkogol va boshqa psixoaktiv moddalar kabi odamda o‘rganishni keltirib chiqaradi. Shu tarzda tamakiga jismoniy bog‘liqlik shakllanadi. Odam doimiy nikotin oqimiga o‘rganib qoladi. Tamakidan foydalanish to‘xtatilsa, tashvish va xavotir hissi paydo bo‘ladi. Bu jismoniy qaramlikning signalidir. Chekishga bo‘lgan ehtiyoj ovqatlanishga bo‘lgan ehtiyoj bilan tenglashib qoladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti chekish ta’siri ostida organizmda rivojlanishi kuchayadigan 25 dan ortiq kasallik (yurak-qon tomir, o‘pka va saraton) haqida xabar beradi. Tibbiy tadqiqotlar bo‘yicha Britaniya Kengashi olimlarining ko‘p yillik tadqiqotida o‘pka saratoni va miokard infarktining chekish bilan bog‘liqligi haqida jiddiy ilmiy dalillar keltirilgan. Yurak ishemik kasalligi va insultdan o‘lim holatlarining 70 foizi chekuvchi va spirtli ichimliklar ichuvchi odamlarga to‘g‘ri keladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, har bir chekuvchi o‘z hayotini 18 yilga qisqartiradi.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, tamaki mahsulotining inson organizmiga zararli ta’siridan har yili sayyoramizning 6 millionga yaqin aholisi vafot etadi. Ularning 12 foizi chekuvchi bo‘lmagan (passiv chekuvchilar)dir. Eng achinarlisi, bolalar passiv chekuvchilar bo‘lib qolmoqda. Ya’ni ular atrofidagi odamlarning chekishi oqibatida tamaki tutuni aralash havo bilan nafas oladilar. Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, hatto passiv chekish ham odamda kasallikka chalinish, nogironlikka yo‘liqish va o‘lim xavfini oshiradi.

Chekuvchilar zararli odatdan voz kechish haqida ayniqsa pandemiya davrida jiddiyroq o‘ylashlari lozim. Ma’lum bo‘lishicha, chekish og‘iz orqali COVID-19ni yuqtirish xavfini oshiradi. Bundan tashqari, zararli odat tufayli o‘pkasi zararlangan chekuvchilarda koronavirus keltirib chiqargan pnevmoniya qiyinroq kechadi. AQSh olimlarining fikriga ko‘ra, chekuvchilar orasida koronavirus bilan bog‘liq og‘ir holatlar chekmaganlarga qaraganda ko‘proq. Shuningdek, tamaki tutuni kasallikka qarshi immunitetning birlamchi kurashuvchan javobiga sabab bo‘luvchi interferonlarni bloklaydi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi har qanday tamaki mahsulotlarini, shu jumladan filtrli yoki yengil sigaretalarni chekish sog‘liq uchun xavfli ekanligi haqida ogohlantiradi. 

Dunyoda tamakidan voz kechishning yuzdan ortiq usullari mavjud. Psixologlarning ta’kidlashicha, chekishni tashlash jarayonida eng qiyini dastlabki uch kunni boshdan kechirishdir. Agar chekishdan voz kechish to‘g‘risida qaror qabul qilgan bo‘lsangiz, ijobiy jihatlar haqida o‘ylang. Asosiy va eng katta yutuq — sizning sog‘lig‘ingiz va farovonligingizdir. Ijobiy munosabat va o‘zingizga bo‘lgan ishonchni saqlang. Chekishdan voz kechish qo‘lingizdan keladi!


Manba: "aniq.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Теги: insonning, Kashandalik, yostig‘ini quritishi, aytildi | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя