Главная » 2017 » Январь » 3 » Shahzoda: Faqat istak bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi
18:00

Shahzoda: Faqat istak bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi


Yil davomida archa o‘yinchoqlaridek rango-rang ijodi bilan muxlislarni xushnud etgan, oppoq qordek beg‘ubor va albatta samimiyligi bilan ajralib turadigan xonanda  ShAHZODA bilan bayram arafasida dillashdik...

— Suhbat avvalida Nyu-Yorkda o‘tkazilgan 12-Xalqaro “Big apple music awards-2016”ning g‘oliblari qatoridan joy olganingiz bilan muborakbod etaman. Nima sababdan taqdirlash marosimida qatnasha olmadingiz?

— Rahmat! Ochig‘i, “Markaziy Osiyodagi eng yaxshi ayol xonanda” sifatida taqdirlanishimni kutmagandim. Qolaversa, Yangi yilga bag‘ishlangan dasturlarning suratga olish ishlari bilan shu qadar band bo‘lganim bois borolmadim.

— Mukofot sizga yetkazildimi?

— Yo‘q hali, kutyapmiz (kuladi).

— 2016 yil nimalar bilan xursand qildi, xafa qilgan kunlari ham bo‘ldimi?

— Bu yil men uchun juda omadli yil bo‘ldi. Konsert dasturim muvaffaqiyatli o‘tdi, ko‘plab qo‘shiqlarni muxlislarga taqdim eta oldim. Umuman olganda, ish ko‘pligidan dam olishga fursat topolmadim. To‘g‘risi, ish bilan band bo‘lganim meni quvontiradi. Shaxsiy hayotimda esa Xolidning bog‘chaga chiqqani alohida voqea bo‘ldi (kuladi). Shukrki, dilni xira qiladigan kunlar bo‘lmadi. Katta-katta yo‘qotishlar bundan mustasno, albatta.

— Har yili bayram dasturxoni takrorlanmas bo‘lishiga alohida e’tibor beradigan Shahzoda “Tovuq yili”da nimalarni reja qilgan?

— Ertadan kechgacha suratga olish ishlaridan bo‘shamayotganim uchun bu haqda o‘ylashga vaqt topolmayotgandim. Odatga ko‘ra, 25 dekabrda uydagilar bilan bayram taomnomasini tuzish haqida maslahatlashdik. Lekin doimiy taomnomamiz ham bor: “ananasli” va “shuba” salatlar.

— Turmush o‘rtog‘ingiz qo‘lidan yeyishni xush ko‘radigan taomingiz bormi?

— “Ananasli” salat. Bu reseptni turmush o‘rtog‘im o‘ylab topgan. Har yili shu salat bilan bizni xursand qiladi. Bilasizmi, juda ko‘p antiqa taomlar reseptini o‘ylab topadi, pishirish esa mendan bo‘ladi.

— “Olive”, mandarin, tovuq...

— Uchalasisiz bayram o‘tmaydi. Lekin tovuqni ko‘proq yaxshi ko‘raman. Biroq, 2017 yil “Tovuq yili” bo‘lgani bois doimiy taomnomamizdagi “olmali tovuq”ni tayyorlamaymiz.

— Ko‘pchilik “Tovuq yili” bo‘lgani uchun irim qilyapti. Siz ham irimlarga ishonasizmi?

— Irimchimasman. Lekin tovuqni xafa qilgim kelmayapti (kuladi).

— Instagramdagi shaxsiy sahifangizga o‘g‘lingiz Xolid archa bezatayotgan rasmni joylabsiz. Bu jarayonda sizning o‘rningiz qanday?

— Hammamiz birga uy bezatamiz. Xolid o‘tgan yil kichkina bo‘lgani uchun archa bezatolmagandi. Mazkur yil bu ishni o‘zi bajardi. Tunga qadar archaning yonidan ketmadi. Dadasi, akasi, enagasi va meni qo‘limdan tutib, archa atrofida aylanishimizni so‘radi. Ishonsangiz, kun davomida archa atrofida aylandik. Bog‘chasida o‘rgangan bo‘lsa kerak-da. She’r, qo‘shiqlar yodlab, bayram oqshomi uchun alohida tayyorgarlik ko‘ryapti. Bu yil Yangi yil o‘zgacha bo‘ladi! Dadasi, men alohida-alohida sovg‘alar hozirlab, archa tagiga qo‘yamiz. Soatlar 00.00da bong urib, bayram kelganidan darak berganida odatga ko‘ra sovg‘alar ochiladi. Lekin Xolidning kun tartibi buzilmasligi uchun soat 22.00 da unga tegishli sovg‘alar ochiladi. Mana shu jarayonni juda yaxshi ko‘radi. O‘rgimchak odam libosini sovg‘a qilishimni istagandi, lekin ma’murim Davron Muqimov mendan avval bu ishga ulgurdi. Endi “qanday sovg‘a bilan hayratlantirsam ekan?” degan savol o‘ylantiryapti.

— Yangi yil oqshomi uchun libos haqida alohida bosh qotirasizmi?

— “Yangi yilni yangi libosda kutib olish kerak”, deyishadi. Doim bunga amal qilaman. Lekin o‘sha libosimni yangi yilgacha suratga olinadigan bayram dasturlarida kiyaman. Shuning uchun ko‘ylagimni faqat Yangi yil oqshomida kiyish nasib etmaydi (kuladi). Bu yil ham shunday bo‘ldi.

— Qanday rangdagi libos hozirlagandingiz?

— Aytsam kulasiz, qora.

— Qora?! Bu yil yaltiroq, yorqin ranglar urfda-ku?!

— Dugonalarimga ham xuddi shu maslahatlarni bergandim. Lekin o‘zim negadir qora rangdagi ko‘ylak sotib oldim (kuladi). Balki faqat bayram oqshomida kiyish uchun yana yangi ko‘ylak sotib olishga ulgurarman.

— 2017 yil kalta soch turmagi urfda bo‘lar ekan. Imidj borasida o‘ylab ko‘rdingizmi?

— Sochga juda ehtiyotkorlik bilan yondashaman. O‘tgan yili tavakkal qilib, sochimni “kare” qilib kestirgandim. Bolaligimdan onam “ayol kishining boyligi, husni bu — sochi”, deb ko‘p takrorlardi. Tabiiy rangdagi, uzun sochni afzal bilaman.

— Italiyada ayollar Qorbobo bo‘lar ekan. Qorbobo emas-u, Qorqiz bo‘lib uydagilarni hayratlantirish istagi bo‘lmaganmi?

— Yaxshi g‘oya berdingiz (kuladi). Hozir Qorbobo libosida sovg‘alar ulashayotganimni tasavvur qilib ko‘rdim, qiziq jarayon. Aslida sovg‘alar ulashib, yaqinlarimni xursand qilishni yaxshi ko‘raman. Ayniqsa, kenjatoyimning noodatiy “reaksiyasi”ni kuzatish men uchun qiziq va yoqimli. Chunki judayam hissiyotga beriluvchan, syurprizlarni yaxshi ko‘radi.

— Kimlardir Yangi yil taomlaridan voz kecholmay dasturxon atrofida bo‘ladi, boshqalar bayramni raqs tushib o‘tkazishadi, yana kimlardir televizorga mixlanadi. Siz qaysi toifaga kirasiz?

— So‘nggi yillarda bayramni oila davrasida kutishga odatlanganmiz. Katta o‘g‘lim Solih bayramni do‘stlari bilan o‘tkazsa-da, soat 00.00da uyda bo‘lishi kerakligini unutmaydi. Xolid tug‘ilgach, bayramni shunchaki dasturxon atrofida o‘tirgancha o‘tkazmaydigan bo‘lganmiz. Chunki, Xolid dasturxon atrofida o‘tiradigan bolalardan emas, “kelinglar o‘ynaylik!” deyaveradi. Raqsga tushamiz, o‘g‘lim o‘ylab topgan turli noodatiy o‘yinlarni o‘ynaymiz. Oddiy narsalarni xushlamaydi. Hatto, antiqa ertaklar to‘qiydi. Bu yangi yil yanada jo‘shqin o‘tishi tabiiy (kuladi). Shu bilan birga televizor ko‘rishga ham ulguramiz. Umuman o‘g‘limning tug‘ilishi juda ko‘p narsalarni o‘zgartirdi.

— Bayram oqshomida aynan kimlarni shaxsan tabriklashni kanda qilmaysiz?

— Avvalo onam, akamni. So‘ng yaqinlarim, do‘stlarimni tabriklayman, umuman olganda hech kimni unutmayman.

— Soat millari 00:00ga bong urganida qilingan tilak amalga oshishiga ishonasizmi?

— Albatta! Faqat bayramlardagina emas, chin yurakdan istalgan tilak maqsad sari intilgandagina amalga oshishiga ishonaman.

— Bayramdan so‘ng idish-tovoqlarni yuvish yoqa­­dimi?

— (Miriqib kuladi) Avvallari eng sevimli mashg‘ulotim bu — idish-tovoq yuvish bo‘lgan. Bu asabni tinchlantiradi. Hozir istamaganim uchun emas, Yangi yilni kutib olgach, doimgidek xizmatlarga ketishim kerakligi bois bu borada menga katta o‘g‘lim Solih yordam beradi.

— 1 yanvar tonggi qanday otadi?

— Doim 1 yanvarda maza qilib uxlayman, deyman-u, uddasidan chiqolmayman. Kunduzi uxlashga odatlanmaganman-da. Tonggi soat 6:00 da uyquga yotsam ham, albatta, soat 10:00 da uyg‘onaman. Shu bois 31 dekabrda ko‘rolmagan ko‘r­sa­tuv­larimni 1 yanvarda tomosha qilaman va 2 yanvarda oilaviy an’anamizga ko‘ra dam olishga jo‘naymiz.

— Ko‘pchilik har yili 1 yanvardan hayotining yangi sahifasini ochishni rejalashtiradi. Lekin bayram o‘tgach, hayoti o‘sha-o‘sha bo‘ladi, hech qanday mo‘’jiza yuz bermaydi...

— Bu ba’zi odamlarning eng katta xatosi. Bayramdan mo‘’jiza kutish bu shunchaki istak. Faqat istak bilan esa hech nimaga erishib bo‘lmaydi.

— Bayramlar, ma’lum sanalarga bog‘lanib qolmay, hayotni qadam-baqadam o‘zgartirib borish maqsadga muvo­fiq­dir...

— Albatta! Faqat Yangi yilda emas, hayotini o‘zgartirish uchun har kuni, har soniya bitta qadam bosish lozim. 

— 2017 yil yakuniga yetib borayotgan yildan-da mazmunli, yoqimli xotiralarga boy bo‘lishini tilab qolaman!

— Katta rahmat! Sizga va albatta, barcha yurtdoshlarimizga bayram muborak bo‘lsin! Yangi yildan kutgan barcha istaklari amalga oshishini tilayman!

BLIS:

— Yangi yil, deganda yodingizga tushaveradi...

— Bolaligim, bobojonim va buvijonim! Bu bayramni o‘zgacha yaxshi ko‘rganman. Archa tagidan ular tayyorlagan sovg‘alarni olishni xush ko‘rardim. Nabiralariga “Vaqtida uxlashga yotsangiz, Qorbobo tongda yana sovg‘a tashlab ketadi”, deyishardi. Uxlamay Qorbobo kelishini kutmoqchi bo‘lardigu, uddasidan chiqolmasdik. Lekin tongda sovg‘alar albatta yostig‘imiz tagida bo‘lardi. Bobojonim doim so‘zining ustidan chiqadigan inson edi.

— Necha yoshingizgacha Qorboboning haqiqiyligiga ishongansiz?

— Mo‘’jizaga ishonganman va hanuz shunday. Qorbobo bu — shunchaki Yangi yil qahramonining nomi. Taqdirning eng yoqimli mo‘’jizalari bu — o‘g‘illarimning dunyoga kelishi bo‘lgan. Yil davomida hech kimning ko‘ngliga ozor bermay, yaxshi inson nomiga loyiq bo‘lsak, albatta, mo‘’jiza yuz beradi, istaklarimiz amalga oshadi.

— Archa tagidan olgan eng yodda qolarli sovg‘angiz?

— Juda chiroyli qo‘g‘irchoq. Bolaligimda o‘g‘il bolalar bilan do‘stlashganim bois sira qo‘g‘irchoq o‘ynamaganman. Yangi yildagi mazkur sovg‘adan olgan quvonchim lahzalargagina yetgan, xolos. Onamning aytishicha, o‘sha qo‘g‘irchoqni tokchaga qo‘ygancha, qaytib olmagan ekanman.

— Yangi yilda hech kimga ishonmaydigan ishingiz?

— Bayram dasturxonini tuzash. Chunki har yili turlicha yondashaman. Tabiiyki, rejalarimni hech kim bilmaydi.

— Yangi yilni o‘rmondagi archa yonida kutib olgan bo‘larmidingiz?

— (O‘ylanib) agar yaqinlarim jamuljam bo‘lsa yo‘q, demasdim.

— Bayram stoli atrofida uxlab qolgan vaqtingiz bo‘lganmi?

— Yo‘q. 

— Sevimli Yangi yil qo‘shig‘ingiz?

— Jorj Mayklning “Merry Christ­mas” qo‘shig‘i.

— Bayram kuni tomosha qilishni xush ko‘rgan filmingiz?

— “Taqdir hazili yoxud qushdek yengil bo‘ling” filmini tinimsiz namoyish qilaverishgani uchun me’damga tekkan. Lekin “uyda yolg‘iz” filmini maroq bilan tomosha qilaman.

Sadoqat ALLABERGANOVA 
suhbatlashdi


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Shou-biznes habarlari | | Теги: Shahzoda | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя