Главная » 2017 » Февраль » 8 » Shahzoda Matchonova: “Shaxsiy hayotimdan ko‘nglim xotirjam!”
12:57

Shahzoda Matchonova: “Shaxsiy hayotimdan ko‘nglim xotirjam!”


“Darakchi” gazetasida berib boriladigan “10 qaltis savol” loyihasi qayta tiklandi. Loyiha mehmoni iste’dodli aktrisa Shahzoda MATChONOVA... 

1. Shahzoda, aktrisa bo‘lishni orzu qilib yurgan kezlaringizda ilk kinosinovdan muvaffaqiyatsizlikka uchragansiz. Shundan so‘ng rejissyor Zebo Navro‘zovaning taklifini qabul qilish qiyin bo‘lmaganmi?

— To‘g‘ri, rejissyor Bahodir Odilovning “Yo‘qolgan odam” filmining kinosinovidan o‘tolmagandim. Lekin Zebo opani taklifini bajonidil qabul qilganman, rolga tasdiqlanganimdan ham xursand bo‘lganman. Faqat bu haqda otamga aytolmay, ikki kun qiynalganman. Oxiri o‘zimda kuch topib, kinosinovdan o‘tganimni otamga aytganimda uzoq o‘ylab, “Unutma, yozgi ta’tiling tugagach, bor e’tiboringni o‘qishga qaratasan”, degan shart bilan ilk filmim bo‘lgan — “Aprel-may”da suratga tushishga rozilik bergan.

2. Ustoz san’atkorlar mashhurlikka erishgan, biroq kino sohasida tahsil olmagan aktyor-aktrisalarga “Nega unda biz falon yil shu sohada tahsil oldik?” deya ularga nisbatan salbiy munosabat bildirishadi...

— Bunday tanqidlarga mutlaqo bee’tiborman, shu bois jahlim chiqmaydi. Sakkiz yillik ijodiy kareram mobaynida men bilgan ustoz san’atkorlar men haqimda faqat iliq fikrlarni aytishadi. Bordi-yu, O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutida tahsil olgan aktrisa bo‘lganimda ham bu sohada o‘qimay turib, kinoga qadam qo‘yganlarga salbiy fikr bildirmasdim. Ishonch bilan ayta olaman, diplomning kamera qarshisidagi ishga mutlaqo aloqasi yo‘q. To‘g‘ri, bilim olish foydadan xoli emas, lekin aktyorlarga diplomga ega bo‘lish u qadar muhim emas. Chunki jahon tajribasidan kelib chiqsak, butun dunyoga mashhur ko‘plab aktyorlar ham kino sohasida tahsil olmagan.

3. Orzuingizdagi san’at olamiga qadam qo‘ydingiz, past-balandliklardan o‘tdingiz. Yana qayta imkon berilsa, aktrisalik yo‘lidan borarmidingiz yo hafsalangiz pir bo‘lishga ulgurdimi?

— Boshqa sohada tahsil olib, kinoga qadam qo‘yganimdan sira afsuslanmayman. Va hech ikkilanmay yana aktrisalikni tanlagan bo‘lardim. Chunki kino, bu — hayotim!

4. Faqat jiddiy mavzudagi filmlarda ko‘rinayotganingizning sababi tanlab suratga tushadigan darajaga yetdingizmi yo kam gonorar taklif qilishyaptimi?

— Gonorar narxiga qarab emas, ssenariy va rol tanlab filmda suratga tushishga odatlanganman. Lekin O‘zbekistonda ham aktyorlarning mehnatiga yarasha gonorar to‘lashlarini istardim, albatta. Jiddiy mavzuli filmlardagi ishtirokimga kelsak, ssenariy, rol, umuman kinoga avvalgidan-da jiddiy yondashadigan bo‘lganman. Boisi sevib qolgan yo muhabbatdan azoblangan qizchalarning rolini o‘ynab bo‘ldim va bunday takroriy rollar menga mutlaqo qiziq emas.

5. Hilol Nasimov, Yolqin To‘ychiev, Rustam Sa’diev, Ayub Shahobiddinov, Mirmaqsud Oxunov, Abduvohid G‘aniev, Akbar Bekturdiev. Ularni iste’dodi bo‘yicha ketma-ketlikda joylab chiqing.

— Bu rejissyorlar O‘z­be­kis­tondagi eng ko‘zga ko‘ringan, o‘z “dastxat”iga ega ijodkorlar. Ularni ketma-ketlikda joylolmayman. Kimnidir xafa qilib qo‘yishdan qo‘rqqanim uchun emas, boisi ular bir-biridan farqli ravishdagi uslub, janrda ijod qilishadi. Ularning har biri bilan ishlash baxti nasib etgan, barchalariga hurmatim beqiyos.

6. Kinoda siz uchun ideal “turmush o‘rtoq” bu – Adiz Rajabov, Farrux Soipov, Alisher Uzoqov, Abdujalil Mavlonov, Aziz Rametov…

— (Kuladi), aniq javob be­rish­ga qiynalyapman. Kinoda ideal “turmush o‘rtoq” bo‘l­may­di, nazarimda. Boisi qah­ra­mon­la­rimiz goh ijobiy, gohida salbiy qiyofada bo‘ladi va turli ziddiyatli vaziyatlarda to‘qnashamiz.

7. Ko‘pchilikning fikricha, dugonangiz – xonanda Nilufar Usmonovaning “Kel ikkimiz” qo‘shig‘i klipidagi qahramoningizning prototipi aynan o‘zingiz ekansiz?

— Bu haqda sira eshitmagan ekanman. Ishontirib aytolaman, taxminlar noto‘g‘ri. Boisi, klipdagi qahramonimning farzandi bor, meni turmushga chiqqanimga esa endigina ikki oy bo‘ldi.

8. Turmush qurishingiz shunchalik gap-so‘zlarga sabab bo‘lishini hech o‘ylaganmidingiz?

— Yo‘q. Gap-so‘z qilayotganlar menga hasad qilishyapti, xolos. Hech kimga yomonlikni ravo ko‘rmagan va xafa qilmagan bo‘lsam-da, turmushga chiqqanimdan so‘ng negadir mish-mishlarga ko‘mib tashlashdi. Ularning gaplariga endi bee’tiborman. Faqat unutishmasin, bu — qaytar dunyo! Muhimi, yaqinlarim qandayligimni bilishadi. Shaxsiy hayotimdan esa ko‘nglim xotirjam.

9. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetidan olgan diplomingiz chang bosib turibdimi yo o‘z sohangizda ham ish boshlaganmisiz?

— To‘g‘ri, diplomim tokchada turibdi, lekin faxrli burchagida. O‘sha bilimlarim hayotimda katta rol o‘ynagan. Masalan, xalqaro festivallardagi suhbatlarda qaerda tahsil olganimni so‘rashganida katta mamnuniyat bilan “Jahon iqtisodiyoti va dip­lomatiya universitetida”, deyman. Va atrofimdagilar shunday nufuzli universitetni tamomlagan talaba kino sohasiga qadam qo‘yganidan xursand bo‘lishadi. Diplomim garchi tokchada turgan bo‘lsa-da, hayot yo‘limda o‘z izini qoldirishga ulgurdi.

Maxsus savol! Alisher UZOQOV, aktyor: — Butun hayotingiz tushga aylanib qolishini istarmidingiz?

— Aslo. Chunki hayotimdan to‘la mamnunman, o‘tmishimdan ham roziman. Hech qachon hech nima uchun afsuslanmaganman.

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Shou-biznes habarlari | | Теги: Shahzoda Matchonova | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя