Главная » 2018 » Май » 8 » Prezident qarori: OTMda ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimi tugatiladi
11:43

Prezident qarori: OTMda ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimi tugatiladi


Kecha, 7 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori


Qayd etilsinki, mamlakatda qisqa muddatda innovatsiyaga yo‘naltirilgan iqtisodiyotni shakllantirishga va innovatsiyalarni keng joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Respublikani innovasion va ilmiy-texnik rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi organ tashkil etilganligi, uning huzurida Innovasion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi shakllantirilganligi mazkur yo‘nalishdagi muhim bosqichlardan biri bo‘ldi.

Shu bilan birga, ilmiy tadqiqotlar bilan ishlab chiqarish tarmoqlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning samarali mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishga, aloqalarni mustahkamlashga to‘siq bo‘layotgan bir qator muammolar saqlanib qolmoqda, ularga, avvalambor:

birinchidan, oliy ta’lim muassasalari ilmiy ishlari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari tadqiqotlarining natijalarini tijoratlashtirish ko‘rsatkichlarining pastligi hamda qoniqarsizligi;

ikkinchidan, innovasion jarayonlarni rag‘batlantirish, hududlar va tarmoqlar darajasida innovasion rivojlanish va innovasion faollik kompleks dasturlarini amalga oshirish, innovasion faol tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari mavjud emasligi;

uchinchidan, xususiy sektor vakillarining innovasion faoliyatga, jumladan, ularning manfaatdorligi pastligi sababli yetarli darajada jalb qilinmasligi;

to‘rtinchidan, davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida grantlarni taqsimlash va ulardan oqilona foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlarning mavjud emasligi;

beshinchidan, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarni joriy qilish sohasida xalqaro hamkorlik va investisiyalar jalb etish darajasining qoniqarsizligi kabi omillar sabab bo‘lmoqda.

Innovatsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish mexanizmlarini tubdan takomillashtirish, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga innovatsiyalarni yanada samarali joriy etish uchun shart-sharoitlarni yaratish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasining:

oliy ta’lim muassasalarida ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimi o‘rniga ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor lavozimini joriy etish;

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilm-fan bo‘yicha direktor o‘rinbosarlarini bir vaqtda tegishli yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasalarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori lavozimlariga tayinlash;

oliy ta’lim muassasalari tuzilmasida innovasion jamg‘armalar va ilmiy-innovasion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘yicha bo‘linmalar tashkil etish;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘laridan moliyalashtiriladigan qo‘shimcha 10 ta shtat birligini ajratgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi tuzilmasida Fan va ilmiy-texnik tadqiqotlarni rivojlantirish boshqarmasini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. Belgilab qo‘yilsinki:

oliy ta’lim muassasalarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlarini hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilm-fan bo‘yicha direktor o‘rinbosarlarini (keyingi o‘rinlarda ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlar hamda ilm-fan bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari deb yuritiladi) lavozimga tayinlash O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;

ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlar hamda ilm-fan bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari innovatsiya faoliyatiga oid masalalar, ilmiy-innovasion ishlanmalarni joriy etish va tijoratlashtirish natijalari bo‘yicha bevosita O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligiga hisobdordir;

O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi yiliga kamida ikki marta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlar hamda ilm-fan bo‘yicha direktor o‘rinbosarlarining ilmiy-innovasion faoliyatini baholash yuzasidan axborot kiritadi;

O‘zbekiston Respublikasi innovasion rivojlanish vazirining o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi A.Yu.Umarov ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlar hamda ilm-fan bo‘yicha direktor o‘rinbosarlarining faoliyatini samarali muvofiqlashtirish bo‘yicha shaxsan mas’ul hisoblanadi;

oliy ta’lim muassasalarining innovasion jamg‘armalarini (keyingi o‘rinlarda – innovasion jamg‘armalar) shakllantirish innovasion mahsulotlarni tijoratlashtirishdan olinadigan daromadlar, oliy ta’lim muassasalarining ish haqi, stipendiya to‘lash, shuningdek, boshqa joriy xarajatlari qoplangandan keyin to‘lov-kontrakt mablag‘larining 5 foizdan kam bo‘lmagan miqdorini yo‘naltirish hisobiga amalga oshiriladi.

Innovasion jamg‘armalarning mablag‘lari:

ilmiy tadqiqotlar va innovasion ishlanmalarni rag‘batlantirishga;

ilmiy-laboratoriya uskunalari, sarflash materiallari va butlovchi buyumlar sotib olishga;

ilmiy-tadqiqot infratuzilmasini shakllantirish va yangilashga, ilmiy xodimlarni moddiy rag‘batlantirishga;

innovatsiya faoliyati bilan bog‘liq boshqa xarajatlarni amalga oshirishga yo‘naltirilishi belgilab qo‘yilsin.

3. Quyidagilar oliy ta’lim muassasalarining ilmiy-innovasion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘yicha bo‘linmalarining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib hisoblansin:

bozorni tizimli ravishda tahlil qilish va innovasion mahsulot (ish, xizmat)larga bo‘lgan talabni o‘rganish, o‘zini qoplash muddatini, rentabellik va innovasion mahsulotlarni tijoratlashtirish bilan bog‘liq xatarlarni baholash;

yuqori tijorat salohiyatiga ega va amalga oshirishga tayyor bo‘lgan, o‘zlashtirish uchun istiqbolli loyihalarni tanlab olish;

innovasion loyihalarni amalga oshirish uchun investorlar, sheriklar va boshqa manfaatdor shaxslarni jalb qilish;

yangi texnologiyalarni joriy qilish va innovasion mahsulotlarni ishlab chiqarish maqsadida sanoat korxonalari bilan o‘zaro hamkorlik qilish.

Belgilansinki, oliy ta’lim muassasalarining ilmiy-innovasion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘yicha bo‘linmalari faoliyati innovasion jamg‘armalar mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

4. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari:

bir oy muddatda rahbar o‘rinbosarlaridan birini innovasion rivojlanish masalalari bo‘yicha mas’ul etib belgilasin;

har yil 1 oktyabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi bilan kelishgan holda tadbirlarni moliyalashtirishning aniq miqdor va manbalarini belgilab, kelgusi yil uchun tegishli tarmoq va sohalarni innovasion rivojlantirishning “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilishini, shuningdek, ularning samarali amalga oshirilishini ta’minlasin.

5. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligini tashkil etish to‘g‘risida”gi PF-5264-son Farmoniga muvofiq Innovasion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilganligi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 noyabrdagi PQ-3365-son qarori bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini mustahkamlash va innovasion faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini moliyalashtirish manbalari etib, tegishli qismlarda, boshqa manbalar bilan bir qatorda Innovasion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Innovasion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Kuzatuv kengashi Jamg‘armaga kelib tushadigan mablag‘larning, birinchi navbatda, O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga yo‘naltirilishini ta’minlasin.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Investisiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda 2017-2021 yillarda ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini mustahkamlash va innovasion faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturining yetishmayotgan qismida o‘z vaqtida, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishini ta’minlansin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ustuvor innovasion, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik, “startap” loyihalarini o‘z xarajatlarini o‘zi qoplash asosida moliyalashtirish uchun 2018 yilda Innovasion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga 50 milliard so‘m miqdorida byudjet mablag‘larini ajratsin hamda mablag‘larni o‘zlashtirish natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligining asoslantirilgan takliflariga ko‘ra, Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirishning qo‘shimcha manbalari yuzasidan takliflar kiritsin.

O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi:

grantlar asosida amalga oshirilayotgan fundamental, amaliy va innovasion tadqiqotlar bo‘yicha davlat ilmiy-texnik dasturlarining tizimli monitoringini, shu asosda maqsadsiz ishlatilayotgan grant mablag‘larini boshqa istiqbolli va talab yuqori bo‘lgan mavzuga oid loyihalarni amalga oshirish uchun qayta yo‘naltirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar qabul qilishni;

fundamental, amaliy va innovasion tadqiqotlar bo‘yicha davlat ilmiy-texnik dasturlarini moliyalashtirish uchun ajratilgan hamda moliya yili davomida o‘zlashtirilmagan mablag‘lardan kelgusida maqsadli foydalanishni;

fundamental, amaliy va innovasion tadqiqotlarning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha mavzuga oid grantlar berish yuzasidan muntazam ravishda tanlovlar e’lon qilishni amalga oshirsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Innovasion rivojlanish vazirligining xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda yirik davlat korxonalarining innovasion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari mablag‘larining 0,1 foizini Innovasion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga yo‘naltirish hamda ularni kelgusida innovasion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etishga maqsadli ishlatish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.

8. 2022 yil 1 yanvarga qadar muddatda:

belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot tashkilotlari tomonidan olib kiriladigan ilmiy asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, sarflash materiallari, reaktivlar, dasturiy ta’minot bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno);

ilmiy-tadqiqot tashkilotlari ularning asosiy faoliyati bo‘yicha barcha turdagi soliqlar va majburiy ajratmalardan ozod qilinsin, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga ajratmalar bundan mustasno, bo‘shayotgan mablag‘lar ularning xodimlarini moddiy rag‘batlantirish uchun maqsadli yo‘naltirilsin.

9. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi xodimlarining mehnatiga Innovasion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari va byudjetdan tashqari boshqa manbalar hisobidan haq to‘lash shartlari vazirlik hay’ati tomonidan belgilanadi.

10. O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda innovasion g‘oyalar mualliflarini, mazkur g‘oyalarni amalga oshiruvchi tashkilotchilar va homiylarni moddiy rag‘batlantirishni ta’minlagan holda, respublikada innovatsiyalarni rivojlantirishga ko‘maklashgan alohida tadbirkorlik sub’ektlarini taqdirlash marosimini o‘tkazishni nazarda tutib, respublikada har yili Innovasion g‘oyalar haftaligi – “InnoWeek.Uz” o‘tkazilishini tashkil qilish choralarini ko‘rsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investisiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi S.R.Xolmuradov, O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoev

Toshkent shahri, 2018 yil 7 may

Temur Nazarov tayyorladi


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: OTM, ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor, lavozimi tugatiladi, Prezident qarori | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя